Jahon chempionati kubogi Toshkentda!

Jahon chempionati kubogi Toshkent aeroportiga Bayrutdan (Livan) havoga ko‘tarilgan Gulfstream G600 xususiy samolyotida yetkazib kelindi.
Bayrutdan maxsus reysda uchgan kubok Toshkentga qo’ndi. Uni sport vaziri Adham Ikromov, Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaev, O‘zbekiston futbol assosiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov, Coca-Cola kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Serkan Murat Dilek, Uzbekistan Airports vakillari va boshqalar tantanali kutib oldilar. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, FIFA tomonidan o‘tkazilayotgan jahon chempionatlari g‘oliblariga topshiriladigan kubok Toshkentga ikkinchi bor olib kelinmoqda.
Kubok mamlakatga Coca-Colaning “FIFA World Cup Trophy Tour 2022” tadbiri doirasida olib kelingan.
Bugun, 6-iyun kuni Toshkent shahar Congress Hall binosida kubokning ommaviy namoyishi bo‘lib o‘tadi. Tadbirda quyidagi jahon chempionlari ishtirok etishi kutilmoqda:
Kristian Karembeu (jahon chempioni-1998);
Karles Puyol (jahon chempioni-2010).
Ta’kidlab o’tamiz, kubok sayohati 51 davlatga tashrifni o‘z ichiga oladi.






