Jahongir Ortiqxo‘jayev deputatlik vakolatini muddatidan oldin yakunladi

Sobiq Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning shahar kengashi deputatligi muddatidan oldin yakunlandi. Tegishli qaror bugun, 27-yanvar kuni shahar kengashi tomonidan qabul qilingan. Ma’lum qilinishicha, sobiq hokimning o‘zi deputatlik vakolatlarini tugatish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilgan.
Jahongir Ortiqxo‘jayev 2020-yil yanvar oyida O‘zLiDeP partiyasidan 48-saylov okrugidan Kengash deputati, so‘ngra besh yillik muddatga senator etib saylangan edi. Uning vakolat muddati 2025-yilning yanvarigacha hisoblangan.
Qonunga muvofiq, deputatning vakolatlari quyidagi hollarda muddatidan oldin tugatiladi:
u o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilish haqida yozma ariza bergan taqdirda;
u qonunga ko‘ra deputatlik, senatorlik vakolatlarini amalga oshirishiga nomuvofiq bo‘lgan lavozimga saylangan yoki tayinlangan taqdirda;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;
u chaqirib olingan taqdirda;
sud uni muomalaga layoqatsiz deb topgan taqdirda;
u sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida bedarak yo‘qolgan deb topilgan yoxud vafot etgan deb e’lon qilingan taqdirda;
u O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotgan taqdirda;
u vafot etgan taqdirda;
palata tarqatib yuborilgan taqdirda.
Alohida hollarda deputatning vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashining qarori bilan muddatidan oldin tugatilishi mumkin. Bunday masalani ko‘rib chiqish uchun deputatning yuqori martabasini obro‘sizlantiradigan xatti-harakatlar asos bo‘lishi mumkin.






