Jahongir Ortiqxo‘jayev Anqara viloyati gubernatori bilan uchrashdi

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Anqara viloyati (Turkiya) gubernatori Vasip Shaxin bilan uchrashdi. Tadbirda poytaxt hokimining o‘rinbosarlari, Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi xodimi va boshqa mutasaddilar ishtirok etdi.

Do‘stona ruhda o‘tgan muloqotda J.Ortiqxo‘jayev "Ipak yo‘li durdonasi" XIV Toshkent xalqaro kinofestivali doirasida tashrif buyurgan mehmonlarga mazkur tadbir haqida ma'lumotlar berdi. Xalqaro nufuzli kinofestival Prezident Sh.M. Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tgan yildan boshlab qayta tiklangani, uning ko‘lam va nufuzi oshib borayotganini alohida qayd etib, festival o‘zaro madaniy aloqalarning rivojiga katta hissa qo‘shishiga umid bildirdi.

Turk tadbirkorlari va investorlarining Toshkentga qiziqishi yuqoriligi, shaharning hozirgi kundagi zamonaviy, chiroyli qiyofasida turkiyalik mutaxassislarning ham hissasi salmoqli ekanligini mamnuniyat bilan ta'kidlab, ikki mamlakat, uning hududlari o‘rtasidagi iqtisodiy, madaniy, siyosiy aloqalar yanada rivojlanishiga ishonchi komil ekanini qayd etdi.

Vasip Shaxin samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, Toshkent o‘zida qadimiylik va zamonaviylikni uyg‘unlashtirgan, jadal rivojlanib borayotgan shahar ekanligini alohida ta'kidladi. Turk va o‘zbek xalqlarining madaniy, tarixiy jihatdan juda yaqinligiga urg‘u berib, o‘zaro hamkorlikda katta kuch va salohiyat borligini aytdi.

Shu kunlarda Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan ShHT sammiti esa O‘zbekiston nufuzini yanada oshirishga xizmat qilishini alohida ta'kidlagan Vasip Shaxin, ushbu tadbir xalqaro hamjamiyat uchun ham ulkan ahamiyatga ega bo‘lishiga ishonch bildirdi.