Jami 2 ming 900 megavattli 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari barpo etilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumaniga tashrif buyurdi.

Bu yerda Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlikda shamol elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan. Shu munosabat bilan, ushbu majmuaga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘ldi.

Loyiha bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining texnik ko‘magida e’lon qilingan xalqaro tenderda Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi 20 ga yaqin talabgorlar o‘rtasida g‘olib bo‘lgan. Ushbu kompaniya tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida ishlab chiqariladigan shamol energiyasi uchun eng past tarif - 1 kilovatt-soat elektr uchun 2,56 sent taklif qilingan.

“Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilingan Orolbo‘yi mintaqasida boshlangan bu loyiha “yashil energiya” ishlab chiqarish bo‘yicha “birinchi qaldirg‘och”. Kelgusi besh yilda bu hududda quvvati qariyb 1 ming 800 megavatt bo‘lgan 3 ta shamol stansiyasi ishga tushiriladi”, - dedi davlatimiz rahbari.

Mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili Navoiy viloyati Karmana tumanida ilk quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgan edi. Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida shunday yana bir stansiya qurilishi boshlangan.

Umuman, bu sohada 3 milliard dollar miqdoridagi xorijiy investitsiyalar hisobiga, jami 2 ming 900 megavattli 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari barpo etilmoqda.