Jenis Xelvig: Cotton Campaign xalqaro koalitsiyasi tomonidan o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykot bekor qilingani muhim voqeadir

Joriy yilning 15-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva tashrif doirasida AQSHning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik bo‘yicha komissiyasining (Xelsinki komissiyasi) katta siyosiy maslahatchisi Jenis Xelvig bilan uchrashdi.
Uchrashuvda bir qator muhim masalalar muhokama qilindi. Shu jumladan, O‘zbekistonning so‘nggi yillarda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish sohasidagi katta yutuqlariga eʼtibor qaratildi.
Bu borada Xelsinki komissiyasi vakili odam savdosiga qarshi kurashish va gender masalalari bilan shug‘ullanuvchi, shuningdek, Markaziy Osiyo bilan ishlash borasida 25 yillik tajribaga ega bo‘lgan mutaxassis sifatida “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi tomonidan o‘zbek paxtasiga qo‘yilgan boykot bekor qilingani ham muhim voqea ekanligini aytib o‘tdi.
Shuningdek, J.Xelvig O‘zbekistonning YEXHT, ayniqsa Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) bilan aloqalari barqarorligiga urg‘u berdi. U mamlakatda YEXHT tavsiyalari va bosh prinsiplarini tatbiq etish davom ettirilishiga umid bildirdi.






