Janubiy Koreyada haydovchisiz avtobuslar harakati yo’lga qo’yildi

Janubiy Koreyada ilk haydovchisiz yoʼlovchi avtobuslari yoʼnalishga qoʼyildi. “The Korea Times”ning qayd etishicha, bu avtobuslar 22,4 kilometrli yoʼnalishda harakatlanadi.

Oʼziyurar avtobuslar Sejon shaharlararo avtovokzalini Chxonju shahridagi Oson stantsiyasi bilan bogʼlaydi. Shuningdek, ular qatorida doimiy (haydovchili) avtobuslar ham harakatlanishda davom etadi.

Ma’lumotlarga ko’ra, haydovchisiz avtobuslarga maxsus yoʼnalish raqamlari berilgan va hozircha ikkita avtobus sinovdan oʼtkazilmoqda. Ehtiyot chorasi sifatida bu avtobuslarga bir haydovchi va xavfsizlik xizmati xodimi biriktirilgan.

Haydovchisiz avtobuslar dushanbadan jumagacha, tushdan soat 16:00 ga qadar kuniga oltitadan reysni amalga oshiradi, sakkizta bekatda toʼxtab oʼtadi. Ushbu transport vositasidan foydalanish ayni damda bepul bo’lib, ularga chiqish uchun QR-kod yordamida tegishli manzilga murojaat qilish yetarlli.

Ta’kidlanishicha, uch oylik sinov muddatidan so’ng, yoʼl haqi belgilanadi va uning narxi odatiy avtobuslar narxi bilan bir xil bo’lishi kutilmoqda.