Jiddada O'zbekiston-Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashining 4-yig'ilishi bo'lib o'tdi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoni Podshohligiga davlat tashrifi chog'ida joriy yilning 17-avgust kuni Jidda shahrida O'zbekiston-Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashining 4-yig'ilishi bo'lib o'tdi. Uning yakunida umumiy qiymati 13,1 milliard dollardan ortiq bo’lgan 15 ta qo'shma hujjat imzolandi.
Tadbirda Saudiya Arabistoni tomonidan investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, Ishbilarmonlar kengashining hamraisi – "ACWA Power" boshqaruv kengashi raisi Muhammad Abunayan va 30 dan ortiq yirik kompaniyalar rahbarlari hamda O'zbekiston tomonidan Bosh vazir o'rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev, vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari va yirik sanoat korxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Saudiya Arabistoni kompaniyalariga mamlakatning sanoat salohiyati, farmatsevtika, kimyo va neft-kimyo sanoati, qishloq xo'jaligi va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida batafsil ma'lumot berildi. Tegishli vazirliklar, idoralar va tarmoq birlashmalari rahbarlari har bir sohaning investitsiya va sanoat salohiyatining taqdimotlarini o'tkazdilar, aniq istiqbolli loyihalarni taklif etdilar.
Shunindek, "G2B" va "B2B" formatlaridagi uchrashuvlar, o'z navbatida, o'zaro hamkorlik istiqbollarini tahlil qilish, bo'lajak sheriklarning manfaat va ehtiyojlarini tushunish, yangi g'oyalar va investitsiya loyihalarini muhokama qilish imkonini berdi.
Ishbilarmonlar Kengashining 4-yig'ilishi yakunida kelishuvlarni imzolash marosimi bo'lib o'tdi. Unda O'zbekistonda energetika, kimyo sanoati, infratuzilmaviy va uy-joy qurilishi, farmatsevtika, tibbiyot, transport va logistika sohalarida aniq loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini belgilab beruvchi 15 ta qo'shma hujjat imzolandi. Shartnomalarning umumiy miqdori 13,1 milliard dollardan oshdi va bu ikki mamlakat o'rtasidagi so'nggi 30 yillik munosabatlar tarixidagi eng katta natija deya qayd etildi.






