JIDU bazasida Kolumbiya universiteti Biznes maktabining Markaziy Osiyo filiali ochiladi

Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (JIDU) rektori Sodiq Safoyev Kolumbiya universiteti Xalqaro aloqalar maktabi direktori Uilyam Eymike bilan muzokaralar oʻtkazdi.

Bu haqda "Xalq so‘zi" Oʻzbekistonning AQShdagi elchixonasiga tayanib, xabar bermoqda.

Oʻzbekistonning AQSHdagi elchixonasi tomonidan “Xalq soʻzi”ga maʼlum qilinishicha, uchrashuvda mamlakatimizda kadrlar salohiyatini oshirish masalalari yuzasidan fikr almashilgan, akademik hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilingan va AQSH universiteti bilan hamkorlik oʻrnatish masalalari koʻrib chiqilgan.

AQShlik professorning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotida juda muhim tarixiy bosqichni boshidan kechirmoqda.

“Mamlakat rahbariyati tomonidan taʼlim va kadrlar tayyorlash tizimini isloh qilish borasidagi siyosat strategik yoʻnalishda, uzoqni koʻzlagan holda olib borilayotganini alohida taʼkidlash lozim”, dedi U. Eymike. Uning fikricha, mahalliy oliy oʻquv yurtlari va yetakchi xalqaro universitetlar oʻrtasida hamkorlik aloqalarini oʻrnatish respublikaning barqaror oʻsish salohiyatini sezilarli darajada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tadbir doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va Kolumbiya universiteti oʻrtasida Hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimni imzolash marosimi ham boʻlib oʻtdi.

Hujjatga muvofiq, JIDU bazasida Kolumbiya biznes maktabining Markaziy Osiyo filialini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. U Kolumbiya universiteti biznes maktabi bilan hukumat vakillari orasidan mahalliy kadrlarni tayyorlash sohasida yaqindan hamkorlik qiladi.

Kelishuvda, shuningdek, JIDU qoshida maxsus ilmiy-tadqiqot markazini birgalikda yaratish ham nazarda tutilgan. Markazda mintaqaviy va global miqyosda iqtisodiy rivojlanish, siyosiy iqtisod va davlat boshqaruvidagi fanlararo tadqiqotlar oʻtkaziladi.

Maʼlumot uchun: Kolumbiya universiteti — xususiy tadqiqot universiteti 1754-yilda tashkil etilgan. U Nyu -Yorkdagi eng qadimiy oliy oʻquv yurti va AQSHdagi bu borada beshinchi OTM hisoblanadi.

Kolumbiya universiteti dunyodagi eng yaxshi universitetlardan biri boʻlib, uning bitiruvchilari orasida yetti nafar AQSH asoschisi, toʻrt nafar AQSH prezidenti, 29 nafar xorijiy davlat rahbarlari, oʻn nafar AQSH Oliy sudi sudyasi, 96 nafar Nobel mukofoti sovrindori, 33 nafar Oskar mukofoti va 125 nafar Pulitser mukofoti gʻoliblari hamda hozir hayot boʻlgan 53 nafar milliarder bor.