JIDU «smart universitet»ga aylantiriladi

“Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tizimli isloh qilish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi Prezident qarori imzolandi.

2022/2023-oʼquv yilidan yangi avlod oliy taʼlim muassasasi – “Smart universitet” kontseptsiyasi asosida universitet faoliyati transformatsiya qilinadi.

Universitetda akademik faoliyat ilmiy-tahliliy yoʼnaltirilganlik va akademik yaxlitlik taʼlim texnologiyalari hamda ularni taʼminlovchi dasturiy-apparat kompleksi asosida, shu jumladan antiplagiat tizimini joriy etgan holda tashkil etiladi.

Har yili universitetning kamida 10 nafar professor-oʼqituvchilari, doktorantlari va magistrantlari xorijiy davlatlarning yetakchi taʼlim muassasalariga ilmiy stajirovka va malaka oshirish uchun yuboriladi.

2025-yil 1-yanvargacha universitet jurnalini Scopus xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazasiga kiritish choralari koʼriladi. Universitetga professor-oʼqituvchilariga ilmiy unvonlarni berish hamda ularni ishga qabul qilishda akademik mustaqillik negizida berilgan ilmiy unvonlar va ilmiy darajalarni tan olish vakolati beriladi.