Jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi joriy etiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi.

Unga ko’ra, 2022-yil 1-avgustdan boshlab:

  • Davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qo‘shimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi (keyingi o‘rinlarda – Mobil-ID tizimi) joriy etiladi;

  • Mobil-ID tizimi “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash bo‘yicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi;

  • Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan o‘tish uchun fuqaro tomonidan YAIDXPning mobil ilovasidan foydalanilganda masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo qo‘llaniladi hamda mobil telefon raqami YAIDXPdagi shaxsiy kabinetga bepul bog‘lanadi;

  • bevosita Markazlar yoki notarial idora orqali fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish 2022-yil 31-dekabrga qadar to‘lov undirilmasdan, 2023-yil 1-yanvardan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida bir martalik to‘lov undirilgan holda amalga oshiriladi.

Hamda, “Fuqaro e’tibor markazida” (Citizen – centric service) tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini modernizatsiya qilinib, markazlar faoliyatida qo‘llanilayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlarini kengaytirish, aholining elektron davlat xizmatlaridan foydalanish darajasini keskin oshirish hamda ish yuritishni “qog‘ozsiz” tamoyil asosida olib boriladi.

Shuningdek, biznes jarayonlarini modernizatsiyalash usullari (Business Process Reengineering) asosida har bir davlat xizmatini maqbullashtirish, shu jumladan, muddatlar va talab etiladigan hujjatlar sonini maksimal darajada qisqartirish orqali “bir darcha” tamoyilini amaliyotga to‘liq tatbiq etiladi.