Jizzaxda Rossiya Federatsiyasi Qozon federal universitetining birinchi xorijiy filiali ochildi

Tadbirda amaliy tashrif bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Tatariston Prezidenti Rustam Minnixanov, Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov, Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev hamda hududdagi oliy taʼlim muassasalar rahbarlari ishtirok etdi.
Ma'lumot o'rnida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan Qozon federal universitetining Jizzax filiali bir yil oldin tashkil etilgan edi.
Filial kampusi 1 088 oʻrinli oʻquv hamda 384 oʻrinli yotoqxona (shundan 44 oʻrin horijiy oʻqituvchilar uchun mexmonxona tipida) binosidan tashkil topgan. Hozirda 10 ta yoʻnalish boʻyicha 400 ga yaqin talaba tahsil olmoqda.
Taʼlim maskani mashinasozlik, geologiya, dasturiy injiniring, iqtisodiyot, axborot tizimlari va texnologiyalari, jurnalistika, tibbiy biokimyo, davolash ishi, farmatsiya, stomatologiya, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yoʻnalishlari boʻyicha kadrlar tayyorlaydi, shuningdek, fundamental, ilmiy, amaliy va innovatsion tadqiqot loyihalarini amalga oshiradi.
2021/2022-oʻquv yilida Oʻzbekiston milliy universitetining Jizzax filiali Qozon universiteti bilan birgalikda dasturiy taʼminot injiniringi, farmatsiya va iqtisodiyot yoʻnalishlari boʻyicha qoʻshma taʼlim dasturlari asosida kadrlar tayyorlashni boshlagan edi. Ushbu taʼlim dasturlarida tahsil olayotgan talabalar joriy oʻquv yilidan boshlab yangi filialda oʻqishni davom ettiradi.
Shuningdek, abituriyentlarning 30 foizga yaqini davlat granti asosida qabul qilinadi. Bunda bitiruvchilar oʻqishni tugatgandan soʻng kamida uch yil majburiy ishlab berish sharti bilan davlat tashkilotlariga ishga joylashtiriladi. Qayd etilishicha, professor-oʻqituvchilarning kamida 40 foizi chet eldan, shu jumladan Qozon federal universitetidan jalb qilinadi.






