Jonatan Henik AQShning O'zbekistondagi yangi elchisi etib tasdiqlandi

AQSh Senatining navbatdagi yig'ilishida Jonatan Henik mamlakatning O'zbekistondagi yangi elchisi etib tasdiqlandi.
Jonatan Henik — AQSh diplomatik xizmatining maslahatchi-elchi maqomiga ega yuqori lavozimli amaldor hisoblanadi. O‘tgan yildan buyon u Milliy mudofaa universiteti qoshidagi Axborot va kibermakon kollejida AQSh Davlat departamenti kafedrasi mudiri lavozimida ishlab kelmoqda. Ilgari u Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari byurosida Davlat kotibi yordamchisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan. U Markaziy Osiyo davlatlari, shuningdek, Janubiy va Markaziy Osiyoda jamoatchilik diplomatiyasi va OAV bilan aloqalar bo‘yicha mas’ul bo‘lgan.
Nyu-Yorkda tug‘ilgan Jonatan Henik rus, portugal, turk va ozarbayjon tillarini biladi. U Gavayi universitetida siyosat fanlari nomzodi (PhD), Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetining xalqaro aloqalar bo‘yicha magistr va shu universitetning Kolumbiya kolleji bakalavri darajasiga ega.
P.S. AQShning O‘zbekistondagi amaldagi elchisi Deniyel Rozenblyum bo‘lib, u 2019-yilning may oyida ushbu lavozimga tayinlangandi. Endi u o'z faoliyatini AQShning Qozog'istondagi elchisi sifatida davom ettiradi.






