Joriy yilda farmatsevtika sohasida 80 million dollarlik 34 ta loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan

Bugun, 16-iyul kuni “Nest One” binosida, Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan aholini arzon va sifatli dori vositalari bilan taʼminlash hamda farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlarini rivojlantirish va ular faoliyatida duch kelinayotgan muammolar yechimiga bagʼishlangan davra suhbati oʼtkazildi.
Davlat rahbari tomonidan joriy yilning 12-aprel kuni farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish masalalari boʼyicha oʼtkazgan yigʼilishda mamlakatimizda yiliga 1 milliard 600 million dollarlik farmasevtika mahsulotlari isteʼmol qilinishi, shundan katta qismi – qariyb 1 milliard 200 million dollarlik mahsulotlar import qilinayotganligi taʼkidlab oʼtilgan.
Xususan, hududlar kesimida olganda, mahalliylashtirish darajasi mutlaqo qoniqarsiz. Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazm, Buxoro va Fargʼona viloyatlarida isteʼmol qilinadigan dorining atigi 2-5 foizi mahalliy ishlab chiqaruvchilar hissasiga toʼgʼri keladi.
Shu bois, dori vositalariga talabni oʼrganib, ularni mahalliylashtirish chora-tadbirlari belgilangan, xususan, joriy yilning oʼzida 80 million dollarlik 34 ta loyiha rejalashtirilgan.
Tadbirni Oʼzbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov ochib berdi va farmatsevtika sohadagi bugungi holat hamda ushbu yoʼnalishdagi tadbirkorlarning sohadagi muammolarini aniqlash, takliflarini oʼrganib chiqishda yanada faol boʼlishga chaqirdi.






