Joriy yilda qorako‘lchilik va kavrakchilik mahsulotlari eksporti 25 million dollarga yetkaziladi

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 2-sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasiga 17 million 416 ming gektar yaylov yer maydonlari ajratib berilgan bo‘lib, ushbu maydonlarda 53 ta qorako‘lchilik klasteri tashkil etilgan.
Mazkur klasterlar faoliyati go‘sht, jun, ip-kalava, kigiz, qo‘lda to‘qilgan jun gilamlar, teri hamda kavrak xom ashyosini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan. Bu haqda Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi tizimidagi “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasi faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
“Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” uyushmasi raisi Erkin Haitovning qayd etishicha, 2021-yilda sifatli va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish hisobiga jami 18,7 million AQSH dollarlik qorako‘lchilik va kavrakchilik mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.
Joriy yilda sifatli va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish va kavrak xom ashyosini yig‘ib olishni ko‘paytirish hisobiga eksport hamji 25 million dollarga yetkaziladi. Shuningdek, 154 ta yangi loyihani ishga tushirish, mavjud korxonalarda modernizatsiya tadbirlarini amalga oshirish hamda kavrak plantatsiyalarini tashkil etish hisobiga 318 million AQSH dollari miqdorida investitsiya mablag‘lari o‘zlashtiriladi.






