Joriy yilda sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 93,9 foizi fosh etilgan

Senatning yigirma toʼqqizinchi yalpi majlisida ichki ishlar vazirining 2022-yilning birinchi yarim yilligida huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati toʼgʼrisidagi axboroti eshitildi.

Taʼkidlanganidek, Senatning 2022-yil 19-martdagi tegishli qaroriga muvofiq koʼrilgan choralar natijasida oʼz faoliyati davomida jinoyatlarni jilovlash borasida ishlarni toʼgʼri tashkil etmagan rahbar va xodimlarga nisbatan intizomiy taʼsir choralari qoʼllanilgan.

Qayd etilishicha, joriy yilda sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 93,9 foizi fosh etilgan. Qidiruvdagi 2 841 nafar shaxs ushlanib, bedarak yoʼqolgan 203 nafar shaxs topilgan. 2021-yil davomida ochilmay qolib ketgan jinoyatlarning 1 079 tasi, avvalgi yillarda ochilmagan jinoyatlarning 151 tasi fosh etilishi taʼminlangan.

Mahallalarda jinoyatchilikni oldini olishda salmoqli ishlar amalga oshirilgan.

Joriy yilning birinchi yarmida jami mahallalarning 53 foizida jinoyat sodir etilmagan va 14 foizida jinoyatlar kamayishiga erishilgan. Jinoyatlar koʼpaygan 33 foiz mahalla “qizil” toifaga kiritilib, qoʼshma patrullik yoʼnalishlari tashkil etilgan.

Erishilgan natijalar bilan birga ichki ishlar organlari faoliyatida muayyan kamchiliklar, yechimini kutayotgan muammolar va toʼliq foydalanilmagan imkoniyatlar ham mavjudligi qayd etildi.

Profilaktika inspektorlari tomonidan mahalla hududlarida sodir etiladigan jinoyatlarni bartaraf etishda ishlar sust olib borilmoqda. Shu bois, oldini olish mumkin boʼlgan ayrim turdagi jinoyatlar koʼpayishiga sharoit yaratilgan.

Sogʼliqni saqlash muassasalari hisobida turgan shaxslarning 93 foizi, giyohvandlarning 96 foizi majburiy davolanishga yuborilmagan boʼlsa, spirtli ichimlikka ruju qoʼyganlarning atigi 4,1 foizi, dispanser hisobidagi tajovuzkor ruhiy kasallarning 52 foizi majburiy davolanishga yuborilgan. Mazkur masalalar yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.