Joriy yilda xizmatlar sohasida 120 mingdan ortiq yangi loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmatlar koʼrsatishni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash hamda daromadlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʼilishi bo’lib o’tmoqda.

2022-yilda xizmatlar sohasida 120 mingdan ortiq yangi loyihani ishga tushirish, xizmatlar hajmini 435 trillion soʼmga yetkazish (oʼtgan yili 283 trillion soʼm boʼlgan) hamda sohada 1,5 million ish oʼrni yaratish reja qilingani taʼkidlandi.

“Lekin ayrim tuman va shahar hokimlari, ularning birinchi oʼrinbosarlari mavjud imkoniyatlardan foydalanib, ishlarni toʼgʼri tashkil eta olmayapti.

Misol uchun, xizmatlar sohasida yanvar-may oylarida 756 ming ish oʼrni yaratildi. Lekin, ish oʼrinlarining atigi 232 mingtasi yoki 31 foizi yangi obyektlarda yaratilgan.

Qolgan 510 mingta ish oʼrni oʼzini oʼzi band qilganlar hissasiga toʼgʼri kelmoqda”, dedi Prezident.

Yangi savdo va xizmat koʼrsatish obyektlarida ish oʼrinlari yaratish boʼyicha Toshkent shahri, Samarqand, Fargʼona, Аndijon viloyatlari natija koʼrsatgani, Jizzax, Navoiy, Xorazm, Qashqadaryodagi ishlar ahvoli esa qoniqarsiz ekani taʼkidlandi.