JSST: Аfrikada Marburg virusi tarqala boshladi

Jahon sogʼliqni saqlash tashkilotining maʼlum qilishicha, Ekvatorial Gvineya mamlakatida ilk bor Marburg virusi tarqalishi qayd etildi. Virusdan kamida toʼqqiz kishi vafot etgan.
Soʼnggi maʼlumotlarga koʼra, hozir mamlakatda 16 kishi kasallikka gumon qilinib, karantinga olingan. Barcha bemorlarda isitma, charchoq, bosh ogʼrigʼi va qon aralash qayt qilish kabi alomatlar kuzatilgan.
JSSTning bayonotiga koʼra, Marburg virusi odamlarga koʼrshapalaklardan yuqishi mumkin. Qolaversa, infeksiyaga chalingan bemorlardan ajraladigan biologik suyuqliklar (qon, tupik, peshob) bilan bevosita aloqa qilish, shuningdek, turli jismlar yuzalari orqali faol tarqaladi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, Marburg virusi Ebola singari oʼta yuqumli boʼlib, hozircha tasdiqlangan davo muolajalari mavjud emas. Qolaversa, bu xastalikka qarshi vaksinalar ham mavjud emas.
P.S. Oʼtgan yili mazkur xavfli xastalik Gʼarbiy Аfrikaning Gana mamlakatida ham qayd etilgan.






