“Keksalar turizm oyligi” munosabati bilan chegirmalar joriy qilindi

Noyabr oyi “Keksalar uchun turizm oyligi” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan O‘zbekistonda mehmonxona va umumiy ovqatlanish maskanlaridagi xizmatlar uchun ixtiyoriy chegirmalar joriy etildi.

Keksalar oyligini munosib o‘tkazish, ularning dam olishlarini maroqli tashkil etish hamda ichki turizmni rivojlantirish maqsadida Respublikadagi 223 ta joylashtirish vositasi (mehmonxonalar va mehmon uylari) xizmatlari uchun - 50 foizgacha, 204 ta umumiy ovqatlanish maskanlaridagi xizmatlar uchun 20 foizgacha ixtiyoriy chegirmalar joriy etildi.

Shuningdek, “Uzbekistan Airways” AJ tomonidan 1-30 noyabr kunlari Respublika ichidagi aviaqatnovlarda 60 yoshdan yuqori erkaklar va 55 yoshdan yuqori bo‘lgan ayollar uchun ekonom va biznes toifalarining (LPR3M, UPR3M, SPR3M, OPR3M tashqari) joriy narxlarga 25 foiz miqdorda ixtiyoriy chegirmalar joriy etilgan.

Shu bilan birga, keksalarni ziyoratgoh va madaniy meros obyektlariga kirish uchun O‘zbekiston Musulmonlar idorasi huzuridagi “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan Toshkent shahri, Samarqand va Xorazm viloyatlaridagi 6 ta ziyoratgohga nafaqa va keksa yoshdagi fuqarolar uchun 50 foiz miqdorida chegirmalar belgilangan.

Madaniy meros agentligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo va Xorazm viloyatlaridagi 24 ta madaniy meros obyektlariga kirish uchun 20 foiz miqdorda chegirmalar joriy etilgan.