Kelgusi 3 yilda ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga 76,8 trln so‘m ajratiladi

Prezident qarori bilan 2022−2024 yillarda O‘zbekistonning ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Uni amalga oshirishga esa jami 76,8 trln so‘m yo'naltirilgan bo’lib, uning 23,8 trln so‘m miqdori 2022-yil uchun ajratiladi.
Joriy yilda eng ko‘p mablag‘ ijtimoiy sohalar (5,9 trln so‘m), mudofaa organlari va yopiq qism (4,5 trln so‘m), muhim obyektlarni qurish (3,9 trln so‘m), yo‘l-transport infratuzilmasiga (2,7 trln so‘m) yo‘naltiriladi.
Shuningdek, dastur doirasida kelgusi 3 yilda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish uchun jami 76 trln 881 mlrd so‘m (MBning 24 yanvardagi kursiga ko‘ra — 7 mlrd 89 mln dollar), 2022 yilda — 23 trln 790 mlrd so‘m, 2023 yilda — 25 trln 17 mlrd so‘m, 2024 yilda — 28 trln 74 mlrd so‘m ajratiladi. 2023−2024 yillar uchun maqsadli mo‘ljallarga budjet parametrlarini shakllantirishda aniqlik kiritilishi qo‘shimcha qilingan.
2022-yilda mablag‘lar quyidagi yo‘nalishlarga ajratiladi:
Ijtimoiy sohalar — 5,9 trln so‘m;
Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari — 1,3 trln so‘m;
Yo‘l-transport infratuzilmasi — 2,7 trln so‘m;
Irrigatsiya va melioratsiya — 1,5 trln so‘m;
Ma’muriy-hududiy, muhandislik-infratuzilma, shuningdek alohida muhim va toifalangan obyektlarni qurish hamda rekonstruksiya qilish — 3,9 trln so‘m;
Boshqa yo‘nalishlar, shu jumladan, yopiq qism va mudofaa organlariga — 4,5 trln so‘m;
Turizm obyektlari atrofidagi yer maydonlari, suv va yo‘l infratuzilmalarini yaxshilash — 300 mlrd so‘m;
«Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlariga asosan amalga oshiriladigan loyihalarga — 3 trln so‘m;
Aeroportlarning aerodrom komplekslarini qurish,kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlariga — 530 mlrd so‘m.






