KIA Jizzaxda avtomobillar ishlab chiqarish loyihasining ikkinchi bosqichini amalga oshiradi

Joriy yilning 5-iyul kuni Bosh vazir oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov “KIA Russia&CIS” (“KIA Rossiya va MDH”) Prezidenti Sang Gvon Djongni qabul qildi.

Uchrashuv davomida Oʼzbekiston uchun avtomobilsozlik sanoatining jadal va barqaror oʼsishi mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishning ustuvor yoʼnalishlaridan biri ekanligi taʼkidlandi. Bunda Oʼzbekiston bozorida mahsulotlari katta qiziqish bilan kutib olingan “KIA Motors” bilan muvaffaqiyatli hamkorlik alohida oʼrin tutadi. Shu nuqtai nazardan, kompaniya rahbariyati yangi loyihalarni amalga oshirish va ishlab chiqarish liniyasini kengaytirish orqali Oʼzbekiston bozorida oʼz mavqeini mustahkamlashni davom ettirish niyatida ekanligini maʼlum qildi.

Jizzaxdagi zavodda yirik tugunli usulda avtomobil yigʼish boʼyicha KIA bilan qoʼshma loyihaning amalga oshirilishi 2021-yilda boshlangan. Birinchi bosqichning qiymati 12,6 million dollarni tashkil etdi. Korxonada 250 mutaxassis ish bilan taʼminlangan hamda «KIA», «Renault» va «Lada» avtomobillari yigʼilmoqda. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 25 ming mashinani tashkil etadi. Zavod ishga tushirilgandan buyon 6 mingdan ziyod avtomobil ishlab chiqarildi.

Muzokaralar chogʼida loyiha ikkinchi bosqichining ishga tushirilishi yillik ishlab chiqarish quvvatini 100 mingta avtomobilgacha oshirishi va 3 mingta yangi ish oʼrni yaratishi taʼkidlandi. Ishlab chiqaruvchining rejalariga koʼra, mahalliylashtirish darajasi 30 foizga yetkaziladi, bu avtomobillarning narxiga ijobiy taʼsir koʼrsatadi. Shuningdek, mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlikda butlovchi qismlar ishlab chiqarish oʼzlashtiriladi.

Maʼlumot uchun: “KIA Motors” – qarorgohi Seul shahrida joylashgan eng yirik koreys avtomobil ishlab chiqaruvchilardan biri. Kompaniya 1944-yil dekabrda tashkil topgan. “Hyundai Motor Group” kompaniyalar guruhiga kiradi.