Kichik yoshdagi bolalarga gʼamxoʼrlik qilish va taʼlim berish boʼyicha Butunjahon konferensiyasi

Joriy yilning 14-noyabr kuni Toshkentdagi Kongress markazda Kichik yoshdagi bolalarni parvarish qilish va taʼlim berish boʼyicha II Butunjahon konferensiyasi (World Conference on Early Childhood Care and Education “WCECCE”) o’z faoliyatini boshladi.

Global forum YUNESKO va Oʼzbekiston hukumati tomonidan tashkil etilgan. 2010-yildan buyon ilk bor oʼtkazilayotgan anjuman tadbirlarida 150 dan ortiq davlatdan 1500 ga yaqin delegatlar ishtirok etmoqda.

Oʼzbekiston maktabgacha taʼlim vaziri Аgrippina Shin Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish boʼyicha Butunjahon konferensiyasining raisi etib saylandi. Shuningdek, forum BMTning taʼlimni oʼzgartirish boʼyicha yaqinda boʼlib oʼtgan sammitining mantiqiy davomi sanaladi.

Tadbir doirasida Konferensiyaning Tahririyat qoʼmitasi tuziladi va Konferensiya Kotibiyatining tavsiyasiga koʼra, uning tarkibi va vakolatlari toʼgʼrisida qaror qabul qilinishi kutilmoqda. Qayd etilishicha, loyiha komissiyasining vakolatlari Konferensiyaning yakuniy hujjatini yalpi majlisda muhokama qilish va qabul qilish uchun taqdim etishdan iborat boʼladi.