Kimyo sanoati va gaz-kimyo sohasi iqtisodiyotimizning drayverlaridir

Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoati, ayniqsa, gaz-kimyo sohasi iqtisodiyotimizning asosiy drayverlardan biri ekanini ta'kidladi.

Respublikaning kimyo sanoati asosan qishloq xo'jaligi uchun mineral o'g'itlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo'lib, ushbu mahsulotning ulushi sohada qariyb 80 foizni tashkil etar edi.

Bugungi kunda zamonaviy polimerlar ishlab chiqarish hisobiga mineral o'g'itlar ulushi 10 foizga kamaydi, sanoatning boshqa tarmoqlari uchun ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar hajmi esa 6 barobar oshdi.

Keyingi besh yilda "O'zkimyosanoat" tizimida tovar mahsulotlari hajmi 4 marta oshdi, kimyo mahsulotlari eksporti esa 250 million dollarga yetdi.

"2030 yilgacha mamlakatimizda kamida 8 ming megavattli quyosh va shamol elektr stansiyasini ishga tushirishni rejalashtirganmiz. Bu shuni anglatadiki, yiliga 5 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi.
Shu bois, biz gaz xomashyosini respublikaning barcha yirik kimyoviy va gaz-kimyo korxonalari negizida sanoat klasterlari usulida, yuqori qo'shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish orqali tayyor mahsulotlarga aylantirishni maqsad qilib qo'ydik", - dedi davlatimiz rahbari. Bu haqda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.