Kollej va texnikumlardagi kasblar ish beruvchilar talabiga mos emas

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida aholini kasb-hunarga oʼqitish va monomarkazlar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʼilishi bo’lib o’tmoqda.

Yigʼilishda 330 ta kasb-hunar maktabi, 173 ta kollej va 207 ta texnikuman iborat tizim samarali ishlatilmayotgani qayd etildi. Ular mavjud quvvatlarining atigi 40-50 foizidan foydalanmoqda.

Energetika, Suv xoʼjaligi, Uy-joy kommunal vazirliklariga berilgan kollejlar 20 foiz, Qurilish, Transport vazirliklari kollejlari 10 foiz quvvatda ishlayapti.

Joriy yilda kollej va texnikumlarning 15 mingga yaqin oʼquvchilari kontrakt pulini toʼlash imkoniyati yoʼqligi bois, oʼqishni davom ettira olmagan.

Eng muhimi – kollej va texnikumlardagi kasblar ish beruvchilar talabiga mos emas. Oqibatda ular ishga olgan yoshlarni qaytadan oʼqitishga majbur boʼlmoqda.

Oʼquv dasturlari zamon talablaridan ancha orqada, 1 ming 350 nomdagi kasbiy darslik va adabiyotlar yetishmaydi.

Bu muammolar yechimi bilan shugʼullanadigan mutasaddi vazirliklar tizimli ishlamayotgani tanqid qilindi.

Shu bois kasb-hunar taʼlimini zamon talablariga moslashtirish boʼyicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.