Koreya bilan Erkin savdo toʼgʼrisida bitim loyihasi boʼyicha ishlar davom etmoqda

Joriy yilning 24-sentyabr kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida videokonferentsiya shaklida Oʼzbekiston va Koreya Respublikalari oʼrtasida Erkin savdo toʼgʼrisida Bitim loyihasi yuzasidan navbatdagi sessiyalararo muzokaralar boʼlib oʼtdi.
Unda, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining oʼrinbosari B.Аbidov hamda Koreya Respublikasi Savdo, sanoat va energetika vazirligining Erkin savdo bitimlari boʼyicha Bosh direktori Yang Gi Uk ishtirok etdi.
Bitim loyihasini koʼrib chiqish davomida, tomonlar ayrim tovarlarga qoʼllanaladigan tarif cheklovlarini soddalashtirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Muzokaralar chogʼida joriy yilning aprel oyida boʼlib oʼtgan 1-tur muzokaralar yakunida hujjat loyihasini kelishish jarayonida erishilgan sezilarli yutuqlar shuningdek, ikki mamlakat ekspertlarining yuqori professionalligi qayd etildi.
Muloqot yakunida yaqin kelajakda amaliy natijalarga erishish maqsadida muzokaralarni jadallashtirishga kelishildi. Joriy yilning oktyabr va noyabr oylarida muzokara jarayoni hamda tegishli ishlar doirasida oʼtkaziladigan tadbirlar jadvali belgilab olindi.






