Koronavirusning yangi shtammi bemorlarda yengil belgilar bilan namoyon bo’lmoqda

Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanovning so‘zlariga ko‘ra, «5-yanvardan keyin murojaat qilgan bemorlarning 90−95 foizida o‘pkaning zararlanishi kuzatilmayapti». U davolanish muddati o‘rtacha 5 kunni tashkil qilayotgani va kasallik bemorlarda yengil kechayotganini ma’lum qildi.
Bugungi kunda Zangiotadagi maxsus shifoxonalarga murojaat qilayotganlarning aksariyati yengil darajadagi bemorlarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov ma’lum qildi, deya uning so‘zlarini keltirmoqda SSV.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kasallikning «delta» va «britancha» mutatsiyalari bemorlarda ancha og‘ir kechgan bo‘lsa, uning yangi turi aksincha biroz yengil o‘tayapti.
«Hozirgi paytda Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga kuniga o‘rtacha 300−400 nafar bemor murojaat qilmoqda, — deya so‘zlab berdi Anvar Husanov. — Hozirda muassasamizga o‘rtacha kuniga 300−400 nafar bemor murojaat qilib, shundan 200−300 nafari gospitalizatsiya qilinyapti».
Bemorlarda isitma, bo‘g‘imlarda og‘riq, bosh og‘rig‘i, holsizlik kabi oddiy respirator belgilar bilangina namoyon bo‘lmoqda.
«5-yanvardan boshlab shifoxonaga kelayotgan 90−95% bemorda saturatsiyaning pasayishi va o‘pkaning zararlanishi kuzatilmayapti, — deya ta’kidladi shifokor. — Virusning jiddiy asoratlar bilan kechishi nisbatan kam. O‘pkada zararlanish hozirgi paytda deyarli kuzatilmayapti. Davolanish muddati esa qisqarib, o‘rtacha 5 kunni tashkil qilmoqda. Eng muhimi, og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolashda ishlatiladigan virusga qarshi „Remdesivir“ va boshqa dori vositalariga bo‘lgan ehtiyoj kamaydi».
Natijada bugungi kunda 190 o‘ringa mo‘ljallangan jonlantirish bo‘limida davolanayotgan bemorlar soni sezilarli darajada qisqardi. Vaholanki, «delta» shtammi avj olgan o‘tgan yil yoz oylarida reanimatsion bo‘limlarda bemorlar soni ancha ko‘p edi.






