Ko‘chmas mulk bozorida shartnomalar soni bir oyda 4 foizga oshdi

Noyabrda O‘zbekistonda ko‘chmas mulk oldi-sotdisi bo‘yicha 22,5 mingta shartnoma tuzildi, bu bir oy oldingiga nisbatan 4 foizga, o‘tgan yilning noyabriga nisbatan esa 14,4 foizga ko‘p.

Shu bilan birga, ITIM hisob-kitoblariga ko‘ra, ipoteka asosida uy-joy sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lgan aholi ulushi 26 foizni tashkil etmoqda.

Toshkent shahrida o‘tgan oyga nisbatan ikkilamchi bozorda o‘rtacha uy-joy narxlari 1,3 foizga o‘sdi. Uy-joy narxlarida eng katta o‘sish Mirzo Ulug‘bek (3,5 %) va Mirobod (3,2 %) tumanlarida kuzatilgan bo‘lsa, nisbatan pastroq o‘sish surati Uchtepa (0,1 %), Bektemir (0,7 %) va Yashnobod (-0,6 %) tumanlarida qayd etildi.

2021 - yil yanvar-noyabr oylarida jismoniy shaxslarga ajratilgan ipoteka kreditlari hajmi 8 trln so‘mni tashkil etdi. Bunda, yangi tartib asosida ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashga Moliya vazirligi tomonidan ajratilgan resurslar hamji 3 barobarga oshib, 3,9 trln so‘mga yetdi (2020 yilda 1,3 trln so‘m).