Kuchli tuman sabab Buxoro aeroporti samolyotlarning uchish-qo‘nishi uchun vaqtincha yopildi

Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Toshkentdan Buxoroga uchishi kerak bo‘lgan HY023/024 reysi kuchli tuman sabab kechiktirildi.

Kuchli tuman tufayli Buxoro aeroportidagi ko‘rish masofasi 100 metr atrofida bo‘lib, aeroport ko‘ruvchanlik yaxshilangunga qadar samolyotlarni qabul qilish uchun yopilgan. Toshkent—Buxoro reysining parvozi mahalliy vaqt bilan soat 11:00 ga ko‘chirilgan.

Buxoro—Moskva yo‘nalishi bo‘yicha uchishi kerak bo‘lgan AFL-1877 sonli reysi ham noqulay ob-havo sharoiti sabab qoldirilgan. Mazkur reysda uchishi kerak bo‘lgan 133 nafar yo‘lovchi “Grand Buxoro” mehmonxonasiga joylashtirilgan. Ekipaj esa ish vaqti tugagani sabab dam olishga qaror qilgan.