Kuzgi pilla yetishtirish mavsumi: aholi bandligi va daromadini oshirish ustuvor vazifa

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi tashkil etilgach, mutasaddilar tomonidan xorij tajribasini o‘rganib, O‘zbekistonning har bir hududida bir yilda 4 marotaba pilla yetishtirish jarayoni yo‘lga qo‘yildi.

Ta’kidlash o‘rinliki, 2017 yilga qadar mamlakatimizda bir yilda bir marotaba pilla yetishtirilar va bu jarayonda aholi bor yo‘g‘i 35-40 kun davomida band bo‘lar edi. Bugungi kunda pilla yetishtiruvchi kasanachilar sohada 7 oy davomida uzluksiz ish bilan band bo‘lmoqda.

Taqqoslash uchun, 2019 yilda kuzgi mavsumda 19 100 quti ipak qurti parvarishlangan bo‘lsa, 2020 yilda 21 700 quti ipak qurti boqildi. Joriy yilda bu ko‘rsatkich deyarli 4 barobarga oshirilmoqda: pilla yetishtirishning uchinchi va to‘rtinchi mavsumlarida 80 ming qutidan ortiq ipak qurti urug‘lari parvarishlanadi.

Shu kunlarda, butun respublikamiz bo‘ylab kasanachilar pilla yetishtirishda uchinchi mavsumida mehnat qilmoqda. Umumiy miqdorda 41 810 quti ipak qurti urug‘lari jonlantirish uchun inkubatoriyalarga qo‘yilib, shartnoma asosida kasanachilarga tarqatib berildi.

Ma'lumot uchun: 2017 yilga qadar takroriy pilla yetishtirish yo‘lga qo‘yilmagan. Bunda O‘zbekistonda iqlim sharoiti takroriy pilla yetishtirish uchun mos deb hisoblanmagan. Chunki, o‘zgaruvchan ob-havo sharoiti (o‘ta issiq yoki sovuq havo harorati) da yetishtirilgan pillaning ipakchanlik ko‘rsatkichi juda past bo‘lishi, buning natijasida pillani qayta ishlash, ya’ni ipak tolasi ishlab chiqarish uchun harajatlar keskin ortib ketar edi.