Latviyada «Made in Uzbekistan» biznes missiyasi bo‘lib o‘tadi

O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi mamlakatimizning Latviyadagi elchixonasi ko‘magida 12-13-sentabr kunlari Riga shahrida ilk bor “Made in Uzbekistan” biznes missiyasini tashkil qiladi.

Latviya O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi muhim hamkorlaridan biri bo‘lib, ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama hamkorlikning ko‘p qirrali rivojlanishini doimiy qo‘llab-quvvatlaydi. 2021-yilda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi hajmi 116 million AQSH dollarini, jumladan, eksport – 49,3 million dollar, import – 66,7 million dollarni tashkil etdi.

Ishbilarmonlik missiyasining asosiy maqsadi aloqalarni yanada mustahkamlash, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini oshirish hamda O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi hamkorlikning yangi istiqbollarini ochishdan iborat. Bundan tashqari, tadbir mamlakatimizning sayyohlik salohiyati va madaniy merosini namoyish etishga qaratilgan.

Savdo missiyasi delegatsiyasi tarkibida qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat, toʻqimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika, kimyo, metallurgiya kabi sohalardagi mahalliy tadbirkorlikning eksportga yoʻnaltirilgan 46 subyyekti hamda yirik uyushmalar vakillari ishtirok etadi.

Shuningdek, ishbilarmonlik missiyasi doirasida mamlakatimiz sanoat tarmoqlarining eksport imkoniyatlari, investitsion salohiyati va turistik jozibadorligi taqdimotlari oʻtkaziladi, unda Latviya ishbilarmon doiralari vakillari Oʻzbekistonning hozirgi iqtisodiy rivojlanishi haqida tasavvurga ega boʻladilar.