Lazgi - qator xalqaro kinotanlovlar g‘olibi

Turizm va sport vazirligi qo‘llab quvvatlashi ostida yosh umidli rejissyor Ixtiyor Baxtiyorov tomonidan tasvirga olingan “Lazgi” hujjatli filmi qator xalqaro tadbirlarda nufuzli mukofotlarga munosib ko‘rildi. Jumladan, “Art Stream”, “Fifflondon”, “Blackboard”, “Lift-Off Season Awards” va “IFFF” xalqaro tanlovlarida Lazgi raqsi tarixiga bag‘ishlangan hujjatli film “Raqs haqidagi eng yaxshi hujjatli film” deya tan olindi.
“Lazgi” hujjatli filmi Moskva shahrida har oyda bo‘lib o‘tadigan “Art Stream” kinofestivalida “Raqs haqidagi eng yaxshi qisqa metrajli hujjatli film” deya eʼtirof etildi. Art Stream kinofestivali turli mamlakatlardagi barcha janrlarda faoliyat yurituvchi mustaqil kinematografistlarni qo‘llab-quvvatlaydi.
Shu bilan birga, “Lazgi” Londonda o‘tkaziladigan “Fifflondon” filmlar tanlovida “Tomoshabinlar tanloviga ko‘ra eng yaxshi film” sifatida tan olingan. Har oy mazkur tanlov hakamlar hayʼati yopiq namoyishlarda eng yaxshi badiiy, hujjatli va annimatsion filmlar mualliflarini taqdirlaydi.
Butun dunyo kino ishlab chiqaruvchilarini eʼtirof etishga bag‘ishlangan “Blackboard” xalqaro kinofestivali bo‘lib, unda “Lazgi” filmi “Raqs haqidagi eng yaxshi hujjatli film” deya tan olindi.
Hindistonning eng yaxshi filmlarga bag‘ishlangan “Lift-Off Season Awards” tadbiri isteʼdodli ijodkorlarning yuzlab filmlarini kashf qiladi. Ushbu festivalda O‘zbekistonning “Lazgi” filmi “Raqs haqidagi eng yaxshi filmlardan biri” sifatida tan olindi.
Bundan tashqari, “Orange Film Academy”, Trissurdagi xalqaro kinofestival, Mediatadqiqotlar markazi, Sent-Tomas kolleji va Hindiston xalqaro folklor kinosi tomonidan tashkil etilgan “IFFT” (International Film Festival of Thrissour) taqdimotida “Lazgi” “Raqs haqidagi eng yaxshi hujjatli film” deya eʼtirof etildi.






