Madaniy meros va ijod platformasining taqdimoti bo’lib o’tdi

Turizm va madaniy meros vazirligida 2022-yilning 23-may kuni “Madaniy meros va ijod platformasi”ning taqdimoti bo’lib o’tdi. Tadbirni Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi direktori Shaxriyor Nurulloyev ochib berdi.

Shuningdek, taqdimotda Turizm va madaniy meros vazirining o’rinbosari, YUNESCOning O’zbekistondagi vakolatxonasi rahbariyati ishtirok etdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi, YuNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi va YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi hamkorligida bo‘lib o‘tdi.

“Madaniy meros va ijod platformasi”ning maqsadi O‘zbekistonda madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish va ijodkorlikni rag‘batlantirish, barqaror turizmni rivojlantirishni ta’minlashdan iborat. Bundan tashqari, madaniy dastur va tashabbuslarni, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish bo‘yicha hamkorlik asoslarini qo‘llab-quvvatlash hamda 2022-2026-yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi hissa qo‘shishni maqsad qilgan.

Platformaning oldiga qo‘yilgan vazifalar sirasiga shuningdek, O‘zbekistonda madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilishni kuchaytirish, madaniy va ijodiy sohalarni rivojlantirish va barqaror turizmni rivojlantirish ham kiradi.

Unga ko‘ra:

• O‘zbekistonda barcha manfaatdor tomonlar tomonidan amalga oshirilayotgan madaniy dasturlar/loyihalar/tashabbuslarni doimiy asosda aniqlash va xaritalash;
• Hamkorlikni ta’minlash orqali amalga oshirilayotgan faoliyat/loyihalarning qiymatini oshirish;
• Madaniyat bilan bog‘liq barcha ishlarni joriy siyosat va strategiyalar, aniqlangan ehtiyojlar va hokazolar asosida muvofiqlashtirilgan tarzda yo‘naltirish;
• Xaritalashtirilgan ish natijalari asosida madaniy meros sohasida xalqaro hamkorlik, aloqa va yordamni kuchaytirish, mahalliy va xalqaro institutlar hamda barcha manfaatdor tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik, fikr va tajriba almashish uchun maydonni ta’minlash.