«Made in Uzbekistan» Berlindagi yashil haftalikda

Shu kunlarda Germaniya poytaxti Berlin shahrida har yili o‘tkaziladigan “Yashil haftalik – 2023” xalqaro qishloq xo‘jaligi yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda. Ta’kidlash joizki, bu “Messe Berlin GmbH” ko'rgazma kompaniyasi tomonidan o'tkazilayotgan 87-yarmarka sanaladi.

Unda, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi hamda “O‘zekspomarkaz” ko‘magida bir qator yirik tashqi savdo korxonalari tomonidan respublikamizning agrosanoat salohiyati, shuningdek, turli viloyatlaridagi fermer xo‘jaliklari o‘z mahsulotlarini yagona milliy stendda namoyish etmoqdalar.

Umumiy maydoni 240 kv.m dan ortiq bo‘lgan “Made in Uzbekistan” shiori ostidagi O‘zbekiston milliy stendida turli xil ho‘l meva, sabzavot va poliz mahsulotlari, quritilgan mevalar, yog' va vino mahsulotlari, ziravorlar, sharbatlar, murabbo va turli xil konserva mahsulotlarini namoyish etilmoqda.

Respublikamizning bir qator viloyatlari hokimliklari, fermer xo‘jaliklari, yong‘oq yetishtiruvchi va eksport qiluvchi korxonalar vakillaridan iborat mamlakatimiz rasmiy delegatsiyasiga Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov boshchilik qilmoqda. Ko‘rgazmaning ochilish kunida Germaniya Federal oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vaziri Jem O‘zdemir va Berlin hokimi Fransiska Giffi O‘zbekiston stendiga tashrif buyurishdi.

Germaniyaga tashrifi doirasida, Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari Fransiya, Kanada, Turkiya, Polsha, Vengriya, Niderlandiya, Latviya, Gruziya, Qozogʻiston, Bavariya va boshqa davlatlar agrar vazirlari va Yevropaning yetakchi agrosanoat kompaniyalari, assotsiatsiyalari vakillari bilan muzokaralar oʻtkazishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari qishloq xoʻjaligi va suvdan foydalanishni rivojlantirishga bagʻishlangan Qishloq xoʻjaligi vazirlarining 15-Berlin konferensiyasida ham ishtirok etadi. Bu galgi anjumanda dunyoning 60 dan ortiq davlati va bir qator xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) va boshqa davlatlarning yuqori martabali vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.