Maktabdan kasb va tilni bilib chiqqan bola jamiyatimizning katta yutug‘i, bilmagani muammo - Prezident

Bugun, 20-yanvar kuni maktablarda xorijiy tillar va kasb o‘rgatish tizimini rivojlantirish masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda, o‘quvchilarni axborot texnologiyalari va “kreativ industriya” bo‘yicha zamonaviy kasblarga o‘rgatish muhimligi ta’kidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev xalqimizga Murojaatnomasida “ijtimoiy davlat” tamoyiliga alohida e’tibor qaratgan edi.
Bunga erishishning asosi, birinchi navbatda, ta’lim. Shu bois Murojaatnomada maktab o‘quvchilarini kamida ikkita xorijiy til va bitta kasb-hunarga o‘rgatish ustuvor vazifa etib belgilangan edi.
So‘nggi yillarda ta’limga, o‘qituvchilarga e’tibor oshdi, oliy ta’limda qabul soni va yo‘nalishlar ko‘paydi. Lekin, maktablardagi sifat hali talab darajasiga chiqqani yo‘q. Masalan, 11 yil maktabda o‘qigan bola chet tilini mukammal bilmaydi. Sharoit va mutaxassislar yo‘qligi sababli yoshlarni kasblarga qiziqtirish muhiti shakllanmagan. Maktab bitiruvchilarining 50 foizi mehnat bozoriga hech qanday kasbga ega bo‘lmasdan kirib kelmoqda.
Shu bois yig‘ilishda xorijiy tillarni o‘qitish sifatini oshirish va o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish masalalari muhokama qilindi.
"Maktabdan kasb va tilni bilib chiqqan bola jamiyatimizning katta yutug‘i, bilmagani muammo", – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu tajribani joriy etish uchun har bir viloyatdan bittadan shahar va ikkitadan tuman tanlab olingan. Ulardagi 2 mingdan ortiq maktablarning sharoiti, pedagoglar malakasi, o‘quvchilarning kasb-hunar va xorijiy tillarga qiziqishi o‘rganilgan.
Endi tuman va mahallalarning xususiyatidan kelib chiqib, o‘quvchilar maktabning o‘zida 64 xil ishchi kasblarga o‘rgatilishi ko‘zda tutilmoqda.
Shu bois hokimliklarga ushbu tanlab olingan maktablarda kasb-hunar ustaxonalari tashkil etish, ularni jihozlash va zarur ashyolar bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi. Bunga yoshlar yetakchilari va tadbirkorlar ham jalb etiladi, Yoshlar jamg‘armasidan mablag‘lar yo‘naltiriladi.
Chet tillarini sifatli o‘rgatish uchun maktablarga “til egasi” bo‘lgan pedagoglar jalb qilish, Prezident maktablarining til o‘rgatish tajribasi, darslik va dasturlarini tatbiq etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda viloyat hokimlari tanlangan maktablar misolida xorijiy tillar va kasb o‘rgatishni rivojlantirishga oid rejalar yuzasidan axborot berdi.






