Maktablarda boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyiladi

Prezident farmoni loyihasiga muvofiq, taʼlim sifatini oshirish maqsadida quyidagilar belgilanmoqda, 2023-yil 1-sentabrdan har bir tuman (shahar)dagi bittadan maktabda oʻquvchilarni 2 ta xorijiy til va bitta kasb-hunarga oʻrgatish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

2023/2024 oʻquv yilidan:

    bosqichma-bosqich yangi oʻquv dasturlari amaliyotga kiritiladi;
    respublikaning barcha viloyatlari va Toshkent shahrida boshlangʻich sinf oʻquvchilarini bepul ovqat bilan taʼminlash yoʻlga qoʻyiladi;
    davlat grantlari kollej va texnikumlarning dual taʼlim shakli boʻyicha ham ajratiladi.

2023-yil 1-apreldan maktabgacha taʼlim qamrovini kengaytirish maqsadida:

    yangi davlat bogʻchalarini koʻp kvartirali uylarning noturar qavatlarida yoki boshqa uylarni sotib olib tashkil etishga ruxsat etiladi;
    davlat-xususiy sheriklik asosida ijaraga berilgan yerda xususiy bogʻchani qurgan xususiy sherikka ushbu binoni mazkur loyiha uchun bank kreditlari boʻyicha garovga qoʻyishga oid cheklovlar bekor qilinadi.