Mamlakatimizda kripto-aktivlar aylanmasi sohasida yig‘imlar miqdori belgilandi

O‘zbekistonda Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun yig‘imlar miqdorini belgilash, ularni to‘lash va taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Nizomga ko‘ra, O‘zbekistonda mayning va kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar (maynerlar va xizmatlar provayderlari) tomonidan ushbu faoliyatni amalga oshirish uchun yig‘imlar to‘lanadi.

Shunga ko‘ra, yig‘imlar mayning faoliyati uchun BHMning 10 baravari (3 million so‘m) miqdorda belgilanadi.

Xizmatlar provayderlari bo‘yicha esa quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

kripto-birja faoliyati uchun — BHMning 400 baravari (120 million so‘m);
mayning-pul faoliyati uchun — BHMning 100 baravari (30 million so‘m);
kripto-depozitariy faoliyati uchun — BHMning 5 baravari (1,5 million so‘m);
kripto-do‘kon faoliyati uchun — BHMning 20 baravari (6 million so‘m).
Yig‘imlar maynerlar va xizmatlar provayderlari tomonidan litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan paytdan e’tiboran har oyda to‘lanadi.