Mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʼllab-quvvatlash boʼyicha keng koʼlamli ishlar amalga oshirilmoqda

2022-yilning 27-iyul kuni Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʼyicha respublika komissiyasining majlisi boʼlib oʼtdi.

Majlisda Respublika va hududiy Komissiya aʼzolari, vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Unda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yilning mart oyida oila va xotin-qizlarni tizimli qoʼllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish yuzasidan qabul qilingan Prezident Farmoni va qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosining borishi muhokama qilindi.

Majlisni Komissiya raisi, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva olib bordi.

Senat Raisi kirish soʼzida taʼkidlaganidek, mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qoʼllab-quvvatlash, faolligini oshirish, ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish boʼyicha keng koʼlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Аyniqsa, xotin-qizlarning manfaatini himoya qilishning qonunchilik va institutsional negizini mustahkamlash yoʼlida muhim choralar koʼrilmoqda.

Xususan, 20 ta normativ-huquqiy hujjat (3 ta Qonun, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 1 ta farmoni, 2 ta qarori va 14 ta Hukumat qarori) loyihalari ishlab chiqildi va belgilangan tartibda Hukumatga kiritilgan. Ulardan 3 tasi qabul qilingan va ijroga qaratilgan.

Shuningdek, Mazkur qarorlar bilan, ushbu yoʼnalishdagi ishlarni tartibga soluvchi 4 ta Nizom, 1 ta “Yoʼl xarita” va 1 ta prognoz koʼrsatkich tasdiqlandi.