Mamlakatimizning oltin-valyuta zaxiralari hajmi 33,4 mlrd dollarni tashkil etmoqda

Markaziy bank matbuot xizmati xabar berishicha, O’zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari va chet el vayutasidagi boshqa aktivlari 1-dekabr holatiga ko‘ra 1,1 milliard dollarga ko‘payib, 33,4 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Unga ko‘ra, zaxiralarning valyuta qismi aprel oyidagi bir oz o’sishdan keyin yana keskin kamayishni boshlagan. Xususan, noyabr bilan solishtirganda kamayish 357 million dollarni tashkil etgan. Hozirda xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari 9,932 milliard dollarni qayd etmoqda.

Oltin zaxiralari esa ko‘paygan, noyabr oyidagi 21 milliard dollarlik oltin zaxiralar hozirda 22,46 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Shuningdek, qayd etilishicha, O’zbekiston yalpi xalqaro zaxiralari 2022-yil boshidan 1,70 milliard dollarga yoki 4,83 foizga kamaygan. Bunda oltin narxining yil boshidagi 1799,25 dollardan 1759,65 dollargacha pasayishining ta’siri 0,51 milliard dollarni tashkil qilgan.