Marg'ilon hunarmandchiligi delegatsiyalar nigohida

Tarixdan ma’lumki ilk hunarlar, albatta, toshtaroshlik, zargarlik va yog‘och buyumlar yasash hunaridir. Tamaddun bosqichlari jarayonida turli hunarlar birin-ketin paydo bo‘la boshladi.

Hunarmandlarning bir joyda muqim yashashi Farg‘onada shaharlarning paydo bo‘lishiga turtki bo‘ldi. Tabiatan qulay landshaftlar, suv manbalariga yaqin joylar va karvon o‘tib turuvchi yo‘llar bo‘ylab dastlab hunarmandchilik mahallalari, keyinchalik shaharlar paydo bo‘ldi.

Marg‘ilon shahri azal-azaldan ipakchilar, hunarmandlar yurti deb ta’riflanadi. Shahar mamlakatimizning qadimgi tarixi, xalqimizning o‘ziga xos va takrorlanmas madaniyati, urf-odatlari va an’analarini o‘zida aks ettiruvchi maskandir. Marg‘ilonda qadimiy hunarmandchilik maktablari, ayniqsa, ipakchilik maktabi saqlanib kelmoqda. Bugungi kunda Marg‘ilon shahrida mingdan ortiq xonadon hunarmandchilik bilan shug‘ullanadi. Rasmiy faoliyat yuritayotgan “Hunarmand” uyushmasiga a’zo bo‘lganlar soni 527 nafarni tashkil etadi va ularning mingdan ortiq shogirdlari bor.

Marg‘ilon shahrida hunarmandchilikning 17 ta turi bilan hunarmandlar faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning asosiy yo‘nalishlari – milliy matolar (adras, atlas ) va ulardan tikuvchilik buyumlar ishlab chiqarish, milliy poyabzal ishlab chiqarish, yog‘ochsozlik, yog‘och o‘ymakorligi, do‘ppido‘zlik, to‘nchilik, temirchilik, misgarlik hisoblanadi.

Shaharda “O‘zbekipaksanoat” va “Hunarmand” uyushmalari hamkorligida eksport qilishga mo‘ljallangan “SILK IKAT AND CARPET” MCHJ tashkil etilib, ipak gilam va atlas- adras ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Turkiy kengash sammiti ishtirokchilarining dastlabki manzili bo‘lgan Marg‘ilon hunarmandchiliik markazi esa mohir usta hunarmand Ibrohimjon Sultonov tashabbusi bilan davlat-xususiy sheriklik asosida bunyod etilgan. Bu yerda 600 nafar usta faoliyat yuritadi. Bu yerda 200dan ortiq turdagi atlas va adras to‘qish, gilamchilik, maishiy xizmat, tikuvchilik, hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Markazda 2 mingga yaqin xotin-qiz, yoshlar ishga jalb etilgan.

Ikki qavatli markazning quyi qavatida atlas, adras, shoyi, baxmal, beqasam matolar to‘qiladi. Birinchi qavatdan tayyor mahsulotlar ko‘rgazmasi, podium, chevarxona o‘rin olgan. Bu yerdagi do‘konda matoga gul chizish, bog‘lash, davra, qad tayyorlash jarayonlari ko‘rgazmali tarzda namoyish etiladi.

Binoning yuqori qavatida gilam sexi joylashgan. Bu yerda barcha mahsulotlar to‘liq qo‘l mehnati yordamida, 100 foiz toza ipakdan to‘qiladi. 

Mutaxassislar infotur ishtirokchilarini hunar turlarining tarixi, bugungi rivojlangish tendensiyalari bilan tanishtirdilar.

Muloqotlar davomida mehmonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga markaz mutaxassislaridan javoblar oldilar.