Markaziy Osiyo + Yaponiya muloqoti hamkorlikdagi samarali platforma

Joriy yilning 15-aprel kuni videokonferensiya shaklida "Markaziy Osiyo + Yaponiya" Muloqoti tashqi ishlar vazirlarining 8-yigʼilishi boʼlib oʼtdi.

Tadbirda Yaponiya, Oʼzbekiston, Qozogʼiston, Turkmaniston, Qirgʼiziston va Tojikiston hukumatlari vakillari va tashqi ishlar idoralari rahbarlari ishtirok etdi. Oʼzbekiston Respublikasi nomidan yigʼilishda Bosh vazir oʼrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov qatnashdi.

Ushbu platformaning asosiy vazifalari siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, Yaponiya va yapon kompaniyalarining Markaziy Osiyodagi mavqeini mustahkamlash, mintaqa davlatlari bilan madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirishdan iborat bo’lib, unda muloqot doirasida mintaqada terrorizm va narkotrafikka qarshi kurashish, mintaqaviy xavfsizlik, qishloq xoʼjaligi, suv-energetika resurslari, transport va logistika, atrof-muhitni muhofaza qilish, turizm, savdo va investitsiyalarni koʼpaytirish sohasidagi hamkorlik masalalari ishlab chiqildi.

Yigʼilishda ishtirok etgan mamlakat vakillari oʼz chiqishlarida Yaponiya bilan hamkorlikning bugungi holati toʼgʼrisida soʼzlab, oʼzaro hamkorlikning ustuvor yoʼnalishlaridagi dolzarb masalalarni belgilab oldilar, shuningdek, munosabatlarni yanada chuqurlashtirish boʼyicha takliflarni ilgari surdilar.

S.Umurzakov uchrashuv ishtirokchilariga murojaat qilib, Oʼzbekiston hamkorlikni faollashtirish va Muloqot kun tartibini kengaytirishga tayyorligini taʼkidladi. U Oʼzbekiston va Yaponiya oʼrtasidagi 30 yillik hamkorlik natijalarini sarhisob qildi, shuningdek, Muloqot doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish nuqtai nazaridan eng muhim yoʼnalishlar, jumladan, Yaponiyaning ilgʼor tajribasini joriy etish, qoʼshma farmatsevtika klasterlari va ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot muassasalarini tashkil etish orqali yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish boʼyicha hamkorlikni kengaytirish, transmilliy va uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik, kiberjinoyatchilik va boshqa xavfsizlik muammolariga qarshi kurashish hisobiga barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, transport yoʼlaklarini diversifikatsiya qilish, yangi temir va avtomobilь yoʼllarini qurish va havo transporti salohiyatini rivojlantirish boʼyicha qoʼshma loyihalarni amalga oshirish haqida soʼz yuritdi.