Markaziy Osiyodagi birinchi Robot-jarroh

Bugun, 28-sentabr kuni Toshkentdagi “Shox International Hospital” xususiy klinikasida Robot-jarrohlik bo’limining ochilish marosimi bo’lib o’tdi. Unda, Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri, Bexzod Musayev, Janubiy Koreyaning Meere kompaniyasi Prezidenti Jun Xong Kim, “Shox International Hospital” Bosh direktori Shoira Ermatova ishtirok etdilar.

Ma’lum qilinishicha shu kunga qadar, klinikada 8 ta jarrohlik amaliyoti aynan Robot-jarroh yordamida amalga oshirilib, ijobiy natijani qayd etgan.

Robot-jarroh tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalarning afzalligi shundaki, ular sog'lom to'qimalarga minimal shikast yetkazish va qon yo'qotish kamayishi bilan amalga oshiriladi. Shu tufayli turli xil xavflar kamayadi va reabilitatsiya davrining davomiyligi qisqartiriladi. Ta’kidlanishicha, operatsiyadan keyin bemor kuchli og’riqdan aziyat chekmaydi.

Bundan tashqari, keng vizual imkoniyatlar tufayli barcha manipulyatsiyalarning aniqligiga erishiladi. Xususan, ushbu tizim jarrohlarga tananing ichkaridan uch o'lchamli tasvirini olish imkonini beradi. Robotning jarrohlik asboblari kichik o‘lchamli bo‘lib, inson qo‘liga qaraganda ancha katta diapazonda egiluvchan va aylanuvchan bo’ladi.

Ma’lumot o’rnida, Robot-jarroh birinchi marta 2000-yilda AQShda qo'llanila boshlangan, shundan so'ng bu texnologiya deyarli butun dunyoda - Yevropa, Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur, Rossiya va hozirgi kunda O'zbekistonda ommalasha boshladi.

Bugungi kunda Shox International Hospital O‘zbekistonda shunday robotlashtirilgan qurilma o‘rnatilgan yagona klinika hisoblanadi.