Markaziy Osiyodagi tadbirkor ayollar o'rtasida sheriklik aloqalari mustahkamlanmoqda

Ayollarning biznesdagi o'rni bugungi kunda yangi bosqichga chiqib, o'sishda davom etmoqda. Bugungi kunda ayollar rahbarlik lavozimlarida bo‘lishi kompaniyalarning iqtisodiy muvaffaqiyatiga, biznesni boshqarishga va uning moliyaviy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
2021 yil 28-30 sentyabr kunlari Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasida “B2B uchrashuvlari: formatida onlayn tarzda Markaziy Osiyo mamlakatlari tadbirkor ayollari o'rtasida Kooperatsion birja o'tkazilmoqda. Tadbir Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dastrurining O'zbekistondagi vakolatxonasi va O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda tashkil etildi.
Kooperatsion birja Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O'zbekiston tadbirkor ayollari o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aloqalar o'rnatish hamda hamkorlik va ishbilarmonlik sherikligini yo'lga qo'yish maqsadida o'tkazilmoqda.
Tadbir ochilishida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti Raisi Tanzila Narbayeva va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining O'zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska nutq so’zladilar.
Markaziy Osiyo ishbilarmon ayollarining “B2B” uchrashuvlari sanoat, xizmat ko’rsatish, qishloq xo'jaligi, san'at va hunarmandchilik hamda innovatsion texnologiyalar kabi tematik sessiyalarga bo'lingan.
Kooperatsion birja davomida Markaziy Osiyo tadbirkor ayollari bo’lajak sheriklari bilan to'g'ridan-to'g'ri aloqalar o'rnatadilar, kelgusidagi ishbilarmonlik hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlarini muhokama qiladilar, bu esa ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, ikki tomonlama va mintaqaviy formatlarda ishbilarmonlik aloqalarini qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish bo'yicha Muloqotning birgalikdagi sa'y-harakatlarini davom ettirishga ko’maklashadi.
Tadbir yakunlariga ko’ra, har bir tematik sessiya natijalari sarhisob qilinishi va Markaziy Osiyo tadbirkor ayollari o'rtasidagi erishilgan kelishuvlar e'lon qilinishi kutilmoqda.






