Markaziy Osiyoning transport va tranzit jihatidan o'zaro bog'liqlik istiqbollari

26-27-oktabr kunlari Toshkentda BMTning Markaziy Osiyo iqtisodiyoti bo'yicha maxsus dasturi (SPECA) Ishchi guruhining mintaqada transport va logistika jihatidan o'zaro bog'liqlikni rivojlantirish bo'yicha 27-yig'ilishi bo'lib o'tmoqda.
Tadbirning birinchi kunida yig'ilish qatnashchilari COVID-19 pandemiyasining SPECA mintaqasiga ta'siri, shu kabi muammolarni bartaraf etish usullari hamda milliy va xalqaro transport infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha loyihalari va tashabbuslarini muhokama qildilar.
Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston, O'zbekiston, Qozog'iston va Qirg'iziston vakillari avtomobil va temir yo'l infratuzilmasi, havo transportini samarali tashkil etish va boshqarish bo'yicha tajriba almashdilar va mintaqada mavjud bo'lgan hamda yangi transport yo'laklarini rivojlantirishga kelishib oldilar.
Tadbir davomida Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiya (ESKATO) va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yevropa iqtisodiy komissiyasi vakillari infratuzilmani yaxshilash, yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash va xalqaro yo'laklarni rivojlantirish uchun SPECA mamlakatlariga texnik yordam ko'rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
27-oktabr kuni tadbir doirasida BMTning transport va savdo standartlari bo'yicha normativ-huquqiy hujjatlar, sektorni raqamlashtirish istiqbollari va boshqa masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.






