Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi

2021 yil 14 sentabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Komissiya Raisi Z.Nizamxodjayev olib bordi.
Majlis kun tartibidan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish, O‘zbekiston Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish hamda Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalalari joy oldi.
Qayd etish joiz, Ekspert guruhi a’zolari har bir imzo varaqasini vizual o‘rganish jarayonida, ularning to‘g‘ri to‘ldirilganligiga, tuzatishlar kiritilganligiga, o‘chirib yozilgan tuzatishlar borligiga, turli shaxslar tomonidan to‘ldirilganligiga, o‘xshash imzolar borligiga, tasdiqlangan tuzatishlar borligiga va boshqalarga o‘z e’tiborini qaratishdi.
Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhining xulosasiga asosan taqdim etilgan imzo varaqalari nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun yetarli miqdorda to‘plangan va qonun talablariga mos keladi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risidagi MSK qaroriga muvofiq Yaponiya, Gruziya, Rossiya Federatsiyasi, Tatariston va Belarus Respublikalaridan 6 nafar xorijiy kuzatuvchi ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Komissiya a’zolari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi va Markaziy saylov komissiyasiga kelib tushgan yana 5 ta mahalliy ommaviy axborot vositasining jami 23 nafar vakili akkreditatsiyadan o‘tkazildi. Endilikda akkreditatsiyadan o‘tkazilgan mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari jami 930 nafarni tashkil etmoqda.
Majlis so‘ngida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.






