Maykl Jordanning “Soʻnggi raqs”i 2,2 mln dollarga sotildi

Afsonaviy basketbolchi Maykl Jordanning NBA-98 finalida kiygan “So'nggi raqs” nomli oyoq kiyimi hozirgacha sotilgan eng qimmat krossovkaga aylandi.

Kecha, 12-aprel kuni basketbolchining “Nike Air Jordan 13” krossovkasi rekord narx — 2,2 million dollarga sotildi.

“Bu yangi jahon rekordi, biroq u kutilgan narxning minimal qiymatida sotildi. Aslida, 2 milliondan 4 million dollargacha sotib olinishi kutilgan edi”, deydi auksion tashkilotchilari.

Basketbol afsonasi uni 1998-yilgi NBA finalida kiygan. “So'nggi raqs" nomi bilan tanilishining sababi oʻsha yili Jordanning “Chikago Bullz” jamoasi tarkibida oʻynagan oxirgi yili edi. O'yindan so'ng, Jordan oyoq kiyimini “Utah Jazz” jamoasida “ball boy” boʻlib ishlaydigan yigitga sovg'a qilgan.