MDH jismoniy tarbiya va sport kengashi O‘zbekistonning “Salomatlik marafoni” tashabbusini qo‘llab-quvvatladi

Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) mamlakatlarining jismoniy tarbiya va sport kengashi O‘zbekiston tomondan berilgan “Salomatlik marafoni” tashabbusini ijobiy qabul qildi va qo‘llab-quvvatladi. Bu haqida Tatariston Respublikasining Qozon shahrida bo‘lib o‘tgan Kengash yig‘ilishida ma‘lum qilindi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Qozon shahriga tashrifi doirasida 10-sentyabr kuni MDHga a‘zo davlatlarning jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha hamkorlik kelishuvi ishtirokchilarining Jismoniy tarbiya va sport kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Tadbirda shuningdek MDH Ijroiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Leonid Anfimov, Rossiya Federatsiyasi sport vaziri o‘rinbosari Aleksey Morozov, Tatariston Respublikasi sport vaziri Vladimir Denisov, Qozog‘iston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi raisi Serik Sapiev, Qirg‘iziston Respublikasi madaniyat, axborot, sport va yoshlar siyosati vaziri o‘rinbosari Kanat Shabdanbaev, Belarus Respublikasi sport va turizm vaziri o‘rinbosari Aleksandr Baraulya, Tojikiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Abdullo Muhammadalizoda, Ozarboyjon Respublikasi yoshlar va sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Namik Novruzov va Armaniston Respublikasi ta‘lim, ilm-fan, madaniyat va sport vazirligi bo‘lim boshlig‘i Artur Sedrakyan hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi Oybek Kasimov ishtirok etdi.
Tadbir yakuniga ko‘ra, MDH jismoniy tarbiya va sport kengashi a‘zolari O‘zbekiston tomondan berilgan “Salomatlik marafoni” tashabbusini ijobiy qabul qildi va qo‘llab-quvvatlashdi. Shu bilan birga, Kengashning navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishildi.






