Oʼsh shahrining delegatsiyasi bilan uchrashuv

23-iyun kuni Toshkent shahar hokimligida hokim J.Ortiqxo’jayev va hokimlik mutasaddilari Oʼsh shahri meri А.Mambetov boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Poytaxt hokimi mehmonlarni qarshi olib, mamlakatlarimiz oʼrtasida tarixan shakllangan yaxshi qoʼshnichilik aloqalarini UJKX, taʼlim, АKT, turizm, sanʼat va madaniyat sohalarida tizimli hamkorlikni oʼrnatish hamda qoʼshma musiqa, kino va teatr festivallarini oʼtkazish orqali doimiy rivojlantirish va mustahkamlab borish zarurligini taʼkidladi.

А.Mambetov, qabul va mehmondoʼstlik uchun minnatdorlik bildirdi. Toshkentga koʼp kelishini, har tashrifi chogʼida oʼzi uchun qandaydir yangilik kashf etishini, shu sababli, shahrimiz xizmatlarining ijobiy tajribasini oʼrganish uchun Oʼshdan katta jamoa boʼlib kelishganligini maʼlum qildi. Toshkent hokimi J.Ortiqxoʼjayevning tashabbusini qoʼllab-quvvatladi, mamlakatlararo tovar aylanmasi oʼsayotganiga, oʼzbek avtobuslari va maxsus texnikalari Qirgʼizistonga jadal import qilinayotganiga, shuningdek, oʼzaro madaniy-gumanitar rivojlanishni maqsad qilgan, 200 mln. АQSh dollarilik ustav fondiga ega oʼzbek-qirgʼiz jamgʼarmasining samarali faoliyatiga urgʼu berdi.

Joriy yilning sentabr oyida Oʼshda Bobur nomidagi teatr rekonstruktsiyasi yakunlanishi kutilayotganini aytib, Toshkent delegatsiyasini uning ochilishiga taklif qildi. А.Mambetov hozirgi kunda Oʼshda 100 ga yaqin yangi koʼp qavatli uylar qurilayotganini maʼlum qildi va Toshkent Texnoparkida ishlab chiqarilayotgan lift uskunalarini xarid qilishga va, ehtimol, keyinchalik qoʼshma ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼyishga qiziqish bildirdi.

J.Ortiqxoʼjayev Toshkentga nisbatan qiziqish uchun minnatdorlik bildirdi, oʼzaro hamkorlikka hamda yaqin qoʼshnilarimizning gʼoya va tashabbuslarini qoʼllab-quvvatlashga tayyorligini maʼlum qildi. Uchrashuv yakunida delegatsiya aʼzolari Raqamli rivojlanish departamentining Vaziyatlar markazi imkoniyatlari va boshqa mahsulotlari bilan tanishdilar.