Mehnat munosabatlari tizimida erishilgan ulkan natijalar xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan yuksak eʼtirof etildi
Bugun, 22-noyabr kuni Toshkent shahrida Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktorining sobiq maslahatchisi Kari Tapiolaning “Paxta dalalarida ishonchning mustahkamlanishi: Xalqaro mehnat tashkilotining Oʼzbekistondagi faoliyati” nomli monografiyasi taqdimoti boʼlib oʼtdi.
Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi hamda Xalqaro mehnat tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan ushbu tadbir Oʼzbekistonda mehnat munosabatlari tizimida erishilgan natijalar sarhisobida hamda mamlakatda munosib mehnat tamoyillarini takomillashtirish yuzasidan yangi taklif va gʼoyalarni ishlab chiqishda salmoqli oʼrin tutadi.
Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva, Xalqaro mehnat tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari boʼyicha byurosi direktori Olga Kulayeva, Tashkilot Bosh direktorining sobiq maslahatchisi Kari Tapiola va qator xalqaro tashkilotlardan mutaxassis va ekspertlar, xorijiy mamlakatlarning Oʼzbekistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, shuningdek mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari ishtirok etdi.
Jumladan, Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva soʼzga chiqib, mamlakatimizda oxirgi yillarda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida mehnat munosabatlari tizimida amalga oshirilgan islohotlar va uning natijalari, majburiy mehnat va bolalar mehnatini bartaraf etish borasida qilingan ishlar hamda xalqaro hamkor tashkilotlar bilan sohani xalqaro standartlar asosida rivojlantirish boʼyicha keng koʼlamli tizimli ishlar olib borilayotganligini alohida qayd etib oʼtdi.






