Melinda French Geyts boyligining asosiy qismini Geyts jamg'armasiga yo’naltirmasligini e’lon qildi

Wall Street Journal nashri ba’zi manbalarga tayanib xabar berishicha, French Geyts o‘zining 11,4 milliard dollarga baholangan boyligining asosiy qismini Bill va Melinda Geyts jamg‘armasi (Bill & Melinda Gates Foundation) ga bermaslikka qaror qilgan.

Xabarga ko'ra, French Geyts tomonidan boshqa jamg’armalarga xayriya amalga oshirilishi kutilmoqda. Ammo, u Geyts jamg’armasiga mablag’ ajatishni davom ettirishi ham ehtimolan yiroq emas.

French Geyts 2015 - yilda AQShda ayollar va oilaviy muammolarga e'tibor qaratgan holda “Pivotal Ventures” ga asos solgan. 2019 - yilda esa gender tengligini targ'ib qilish maqsadida French xonim Pivotal orqali 10 yil davomida 1 milliard dollar mablag’ yonaltirishini maqsad qilgan.

Ajrimdan so'ng, Bill va French Geyts ikki yillik sinov muddatida ekanliklarini e'lon qilishdi. Bu muddat davomida ular o'z fondlarini birgalikda boshqaradilar. Bosh direktor va boshqaruv kengashi a'zosi Mark Suzmanning ta'kidlashicha, ushbu favqulodda vaziyat rejasi "fond ishining uzluksizligini ta'minlash uchun" mo’ljallangan. Agar ushbu sinov muddatidan keyin juftlik ajralishga qaror qilsa, Bill Geyts yagona boshliq bo’lib qoladi.

Geyts fondi dunyodagi eng yirik fondlardan biri boʻlib, uning jamgʻarmasi 50 milliard dollardan oshadi. Jamg’arma so'nggi 20 yil davomida gender tengligi, global sog'liqni saqlash, qashshoqlikni qisqartirish va COVID-19 vaksinasining butun dunyoga tarqalishini ta’minlash kabi sa’y harakatlarni amalga oshirib kelmoqda.

Bill va French Geyts iyul oyida jamg’armaga qo'shimcha 15 milliard dollar ajratishgan edi.