Mercedes-Benz Rossiyadagi aktivlarini sotishi mumkin

Mercedes-Benz avtomobil konserni «Mersedes-Bens Rus»ning Rossiyadagi filiali mulkini dilerlardan biriga sotishi mumkin.

Qayd etilishicha, potensial xaridorlar orasida «Panavto», «Avtodom», «Avilon» va «Meydjor» bor. Nashr suhbatdoshlarining fikricha, bitim distribyutor huquqlarini dilerga o‘tkazish sxemasidan o‘tishi mumkin. Shuningdek, «Mersedes-Bens Rus» avtoulov ombori va dilerlik markazini auksionlar orqali dilerlarga sotishi mumkin.

Ehtimoliy kelishuvga Rossiyadagi mart oyidan beri yopilgan Mercedes-Benz zavodi kirmaydi. Unda Ukrainaga hujum va sanksiyalar fonida ishlab chiqarish to‘xtatilgan.

Kompaniya rasmiy ravishda Rossiyada biznes yuritish uchun turli xil variantlarni ko‘rib chiqayotganini maʼlum qildi. Avtomobil ishlab chiqaruvchisi “hali aniq qarorlar yo‘q”, deya tushuntirdi.

Maʼlumotlarga ko‘ra, «Panavto» dileri «Mersedes-Bens Rus» kompaniyasining distribyutor huquqlarini yoki mulkini qo‘lga kiritish uchun eng yaxshi imkoniyatga ega. Taʼkidlanishicha, diler va konsern o‘rtasida “uzoq muddatli yaxshi munosabatlar” mavjud.

Mercedes-Benz Rossiyada ikkinchi eng mashhur premium avtomobil brendi hisoblanadi (birinchisi BMW). 2021-yil oxirida kompaniya Rossiyada 43 mingta avtomobil sotgan. AQSH sanksiyalari tufayli hozircha Rossiyaga Mercedes GL yetkazib berishning iloji yo‘q.