Meva-sabzavotchilikni kreditlashning yangi tizimi joriy etiladi

Davlatimiz rahbari sohadagi vazifalar va yangi imkoniyatlarni aytib oʼtdi. Moliya vazirligi, Qishloq xoʼjaligi vazirligiga meva-sabzavotchilikni kreditlashning mutlaqo yangi tizimini joriy qilish topshirildi.

Eng avvalo:

joriy yilda qoʼshimcha ajratilayotgan 20 ming gektar va kelgusida beriladigan 100 ming gektar ekin maydonlari hisobidan importni qisqartirish;
oziq-ovqat mahsulotlari ekishni kamida 300 ming gektarga yetkazish.

Umuman, oziq-ovqat uchun moʼljallangan yerlarga ekinlarni joylashtirishni bundan buyon Bogʼdorchilik agentligi belgilab beradi.

Mutasaddilarga 15-sentabrdan boshlab hokim yordamchilari tavsiyasiga koʼra, sabzavot, dukkakli va moyli ekinlar boʼyicha urugʼlik, oʼgʼit, yoqilgʼi, oʼsimliklar himoyasi hamda aylanma mablagʼ uchun 150 million soʼmgacha garovsiz kredit ajratishni yoʼlga qoʼyish topshirildi.

Bunda, ushbu mablagʼlarning yarmini naqd pulda ajratishga ruxsat beriladi. Buning uchun, Bogʼdorchilik agentligiga qoʼshimcha 300 milliard soʼm ajratiladi.

Moliya vazirligi, Qishloq xoʼjaligi vazirligiga meva-sabzavotchilikni kreditlashning mutlaqo yangi tizimini joriy qilish topshirildi.

Endilikda kartoshka, sabzavot, yogʼ-moy ekinlari ekadigan klaster va dehqonlarga hosilni sugʼurtalash xarajatining 50 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi. Buning uchun, kelgusi bir yilda Qishloq xoʼjaligi jamgʼarmasidan 50 milliard soʼm yoʼnaltiriladi.

Bundan buyon paxta va gʼalladagi kabi oziq-ovqatga kredit berishda sugʼurta polisi kredit taʼminoti hisoblanadi.

“Bu yangilik koʼplab dehqonlarimizning ishini yurgizib, Qishloq xoʼjaligi jamgʼarmasida ishlatilmay turgan 700 milliard soʼmdan samarali foydalanishga imkoniyat yaratadi”, dedi Prezident.